Oʻzbekistonda kambagʻallikning oʻquvchilar ta’limiga ta’siri

Muallif

Ulugʻbek Tursunov, Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi

1 Kirish

Ta’lim va kambagʻallik o’rtasidagi ikki tomonlama bogʻlanish mavjud: kambagʻallik xoh u mutloq daromadlarda ifodalansin, xoh u oilaning jamiyatda toʻlaqonli faoliyatini ifodalovchi koʻrsatchiklar jamlanmasida ifodalansin, oilada tarbiyalanayotgan farzandning akademik koʻrsatkichlariga salbiy ta’sir qiladi. Oʻz navbatida oʻquvchilarning akademik jihatdan past oʻzlashtirishi kelajakdagi yuqori daromad olish imkoniyatlarini cheklaydi. Shu ma’noda, ta’lim avlodlararo daromad mobilligi zanjirining muhim qismi sifatida e’tirof etiladi.

Tadqiqotda bu ikki tomonlama bogʻliqlikning faqat bir tomoniga: kambag’allikning, oiladagi farzandning akademik ko’rsatkichlariga ta’siri tahlil qilinadi. Tahlilda oilaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlari oʻrtasida bogʻliqlik boshqa demografik ko’rsatkichlar(aholi yashash punkti turi, jinsi)ni hisobga olgan holda o’rganiladi. Shundan soʻng, daromad darajasiga qarab oilalarning ta’lim xarajatlari hamda farzandlar ta’limida bevosita ishtirok etish darajasi taqqoslanadi. Bundan tashqari, tahlil oxirida nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yuqori hamda nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli past oilalardagi oʻquvchilar oʻzalshtirishidagi farqlar hamda ushbu farqlarga ta’sir qiluvchi omillar tahlil qilinadi.

Metodologik nuqtai nazaridan qayd etish joizki, tadqiqotda kambagʻallikning ta’limga ta’siri asosan tavsifiy (deskriptiv) metodlar yordamida oʻrganiladi. Bizningcha, mavjud ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, mutloq sabab-oqibat munosabatini oʻrnatish imkonsiz. Chunki, biz bevosita kuzata olmaydigan omillar (masalan, irsiy omillar) oilaning hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va shu oiladagi oʻquvchilarning akademik koʻrsatkichlariga ta’sir qilayotgan boʻlishi mumkin.

Ushbu tadqiqotda biz tahlilni quyidagi ma’lumot manbalaridan foydalangan holda olib boramiz:

PISA dasturi yordamida Oʻzbekistonda 2022-yil 15-yoshli oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari ma’lumotlaridan foydalanib, oʻquvchilarning ta’lim koʻrsatkichlari va oilaning umumiy iqtisodiy holati oʻrtasidagi bogʻliqlik oʻrganiladi.

Milliy statistika qoʻmitasining 2024-yilgi Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻrovidan oʻquvchilar ta’lim olishi uchun xarajatlarni tahlil qilish uchun foydalaniladi.

UNICEF hamda Milliy Statistika Qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) soʻrovidan oila a’zolarining oʻquvchi ta’limidagi ishtirokini oʻrganish uchun foydalaniladi.

Tahlil PISA 2022, HBS 2024 va MICS 2021-2022 ma’lumotlaridan kengroq ijtimoiy siyosat uchun diagnostika vositasi sifatida foydalanishni koʻzda tutadi. Asosiy maqsad Oʻzbekistonda maktab oʻquvchilarining demografik va uy sharoitlaridagi tafovutlari oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlarida qanday namoyon boʻlishini aniqlashdir.

Ushbu muammolarni tahlil qilish orqali hisobot ta’limdagi toʻsiqlarni bevosita bartaraf etishi va inson kapitalini shakllantirishga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan maqsadli, dalillarga asoslangan ijtimoiy himoya siyosatiga oid takliflarni ishlab chiqishga qaratilgan.

2 Tahlil va natijalar

Oʻquvchilarning ta’lim koʻrsatkichlari va ular yashayotgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy statusi

Kambagʻallikni faqat monetar asoslarda emas, balki, koʻp oʻlchamli miqyosda qaralganda, eng muhim omillardan biri bu ta’lim hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va ishlohotlar markazi hisoblagan Koʻp oʻlchovli kambagʻallik indeksi natijalariga koʻra, kambagʻallikka eng koʻp hissa qoʻshayotgan omil bu ta’lim hisoblanadi CERR and UNDP Country Office in Uzbekistan (2023).

Kambagʻallikning ta’lim koʻrsatkichlariga ta’sirini baholash uchun ushbu hisobot asosiy tahliliy oʻzgaruvchi sifatida PISA oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusi indeksidan (IIS) foydalanadi. IIS Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan yaratilgan murakkab indeks boʻlib, u oʻquvchining ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishini har tomonlama oʻlchaydi hamda uchta asosiy tarkibiy qism asosida hisoblaydi:

  1. Ota-onalar ta’limi - ota-onalar erishgan eng yuqori ta’lim darajasi
  2. Ota-onaning kasbi - Ota-onaning eng yuqori kasbiy maqomi
  3. Uyda mavjud jihozlar - Oilaning boyligi va uydagi madaniy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati (masalan, kitoblar soni, oʻqish uchun tinch joy borligi, internetga ulanish imkoniyati)

PISA natijalari ma’lumotlarini IIS indeksi nuqtayi nazaridan tahlil qilish orqali biz bolaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi uning bugungi kunda Oʻzbekistonda ta’lim olishi va oʻzlashtirishi imkoniyatlariga qay darajada ta’sir qilishini aniq miqdoriy baholashimiz mumkin.

PISA 2-daraja oʻzlashtirish koʻrsatkichlari

PISA tizimida oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha oʻquvchilar oʻzlashtirish koʻrsatkichlari oʻrganilgan. Ushbu fanlar boʻyicha oʻzlashtirish koʻrsatkichlari turli darajalarga boʻlinadi, bunda 2-daraja matematika, oʻqish va tabiiy fanlar boʻyicha oʻquvchilar bilimini oʻlchash uchun muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Bu daraja shunchaki statistik koʻrsatkich emas, u oʻquvchilarning jamiyatda faol ishtirok etishi va oʻz hissasini qoʻshishi uchun fundamental deb hisoblangan muhim koʻnikma va bilimlarni oʻzlashtirishini ifodalaydi. IISi 1-detsilidagi oila oʻquvchilarining oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha 2-darajada oʻzlashtirish darajasi 10-detsildagi oila oʻquvchilariga nisbatan qariyb 3 barobar past ekanligini koʻrishimiz mumkin. Oʻzlashtirish darajasi IISning 7-detsilidan boshlab sezilarli oshib bormoqda. IIS ning barcha detsillarida shahar hududida yashovchi oʻquvchilar qishloqlarda yashovchi oʻquvchilarga nisbatan oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha 2-darajada oʻzlashtirish darajasi yuqori ekanligini koʻrsatadi. Ayniqsa oʻqish darajasida, shahar hududida yashovchi oʻquvchilar qishloqlarda yashovchi oʻquvchilarga nisbatan IIS barcha detsillarida yaxshi oʻzlashtirmoqda. Matematika va tabiiy fanlarda esa, IIS ning birinchi detsildan boshlab farqlar juda kam, oʻzlashtirish darajasidagi farqlar asosan IISning yuqori detsillarida koʻrinadi. Oʻzbekistonda IIS ning barcha detsillarida matematika fanidan oʻgʻil bolalar qiz bolalarga nisbatan oʻzlashtirishi yuqori. Oʻqish borasida esa qiz bolalar oʻgʻil bolalarga nisbatan yaxshiroq oʻzlashtirmoqda. Tabiiy fanlarda esa, dastlabki detsillarda oʻgʻil bolalar, yuqori detsillarda esa qiz bolalar yaxshiroq oʻzlashtirgan. Bu yerda ham 1-rasmda qayd etilganidek, IISning 1-detsilidagi oila farzandlari boshqalarga nisbatan ancha past natijani qayd qilgan hamda oʻzlashtirish darajasi ikkala jins boʻyicha ham IISning 7-detsilidan boshlab oʻsib bormoqda.

1-rasm. 2-darajaga erishgan oʻquvchilar ulushi: IIS detsillari kesimida (PISA 2022, Oʻzbekiston)

2-rasm. 2-darajaga erishgan oʻquvchilar ulushi: aholi yashash punkti turi kesimida

3-rasm. 2-darajaga erishgan oʻquvchilar ulushi: jins kesimida

Oʻquvchilarga uyda mavjud sharoit va oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusi

Oʻquvchilar ta’lim olishida ularga uyda yaratib berilayotgan sharoit muhim. Ayniqsa, hozirgi zamonaviy texnologiyalar ta’limda keng qoʻllanilayotgan sharoitda, oʻquvchilarga uyda ta’lim olish uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitning ahamiyati yana oshdi.

PISA savolnomasi asosida quyidagi savollarga oʻquvchilarning javoblari IIS detsillari boʻyicha tahlil qilindi:

  1. Oʻz xonasi bormi?
  2. Oʻqish uchun kompyuteri (planshet, noutbuk) bormi?
  3. Ta’limiy dasturlardan foydalanadimi?
  4. Uyda internet bormi?

4-rasm. Oʻquvchilar ta’lim olishi uchun uydagi sharoit: IIS detsillari kesimida

IISning 1-detsilidagi oila farzandlarining taqriban uchdan bir qismida uyida kompyuter, planshet kabi bilim olish jarayonida qoʻllanishi mumkin boʻlgan elektron vositalar mavjud boʻlsa, 10-detsilda bu koʻrsatkich qariyb 90%ni tashkil qiladi. Eng katta farqlar oʻqish uchun kompyuterning mavjudligi, ta’limiy dasturlardan foydalanish va uy internetga ulanganligida kuzatiladi. Oʻquvchilar uchun oʻz xonasining mavjudligi IIS detsillari boʻyicha taqsimotida tengsizlik qolgan koʻrsatkichlarga nisbatan kamroq.

Kompyuter mavjudligi: shahar/qishloq kesimida

5-rasm. Kompyuter mavjudligi: aholi yashash punkti turi va IIS detsillari kesimida

Kompyuter mavjudligidagi farqlar aholi yashash punktlari turini hisobga olganda yanada oshgan: 1 va 2-detsillarda qishloqdagi oʻquvchilarda kompyuterning mavjudligi shaharlik tengdoshlariga qaraganda sezilarli darajada past. 7, 8 va 9-detsillarda ham shaharda istiqomat qiluvchi oʻquvchilarda kompyuter mavjudligi darajasi yuqori.

Oʻquvchilar ta’lim olish uchun xarajatlar, oila a’zolarning oʻqish jarayonidagi ishtiroki va oilaning ijtimoiy iqtisodiy ahvoli

Milliy statistika qoʻmitasining 2024-yilgi Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻroviga koʻra, jon boshiga daromad detsillari boʻylab bir oʻquvchiga toʻgʻri keluvchi xarajatlari oshib boradi: eng quyi detsildagi oilalar bir oʻquvchi uchun qiladigan xarajat eng yuqori detsildagi oilalarga qaraganda 2 barobar kam.

Daromad detsillari boʻylab umumiy maktab ta’limining umumiy iste’mol xarajatlaridagi ulushi qaralganda: 2-detsildan 9-detsilgacha koʻrsatkich sezilarli darajada farq qilmaydi, ammo eng quyi detsilda maktab ta’limi xarajatlarining ulushi nisbatan ancha yuqori (28.4%). Eng yuqori detsilda esa, bu koʻrsatkich nisbatan kam (14.3%). Ya’ni daromadning boshqa detsillari (2-9-detsillar) bilan solishtirganda, daromadning quyi detsilidagi oilalarda maktab ta’limi uchun qilingan xarajatlar boshqa xarajatlarni siqib chiqarayotgan boʻlishi mumkin.

6-rasm. Oʻquvchilar ta’lim olishi uchun xarajatlar va ushbu xarajatlarning umumiy iste’mol xarajatlaridagi ulushi (Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻrovi, 2024)

Koʻrsatkichlar bir oy uchun berilgan

Ta’lim xarajatlari jinsiga koʻra qiyoslansa: oʻgʻil bolalarga va qiz bolalarga qilingan xarajatlar oʻrtasida sezilarli farq yoʻq (1-Ilova). Lekin, aholi yashash punktlari turiga koʻra solishtirilsa, shaharda yashovchi oʻquvchilarga qilingan xarajatlar qishloq hududida yashovchi oʻquvchilarga nisbatan daromadning barcha detsillari boʻylab sezilarli darajada yuqori, hamda ushbu farq daromad detsillari oshgani sari oʻsib boradi (1-Ilova).

Oʻquvchilarning akademik oʻzlashtirishining muhim omillaridan biri bu oʻquvchilarning oʻqish jarayonida oila a’zolarning ishtiroki hisoblanadi. UNICEF hamda Milliy Statistika Qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan multiindikator klaster kuzatuvi (MICS) soʻrovi asosida toʻrtta asosiy koʻrsatkich tahlil qilindi: uyda bolalar kitoblari soni, uy vazifasiga yordam berish darajasi, maktab yigʻilishlarida qatnashish va oʻqituvchilar bilan bolalarning oʻzlashtirishini muhokama qilish (2-Ilova).

Natijalar shuni koʻrsatadiki, ota-onalarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki umuman olganda yuqori va farovonlik detsillari boʻylab sezilarli darajada farq qilmaydi. Maktab yigʻilishlarida qatnashish va oʻqituvchilar bilan suhbatlar barcha detsillarda 90–100% atrofida boʻlib, bu ijtimoiy-iqtisodiy holatdan qat’i nazar rasmiy maktab faoliyatida deyarli universal ishtirokni koʻrsatadi. Ota-onalarning ta’limdagi ishtirokini koʻrsatuvchi boshqa koʻrsatkichlar ham yuqori va farovonlik detsillari boʻylab sezilarli darajada farq qilmaydi. Oʻgʻil bolalar qizlarga qaraganda biroz koʻproq uy vazifasiga yordam oladi, ammo boshqa koʻrsatkichlarda oʻquvchilarning jinsiga bogʻliq farqlar yoʻq. Xuddi shunday, shahar va qishloq xoʻjaliklari barcha oʻlchovlar boʻyicha oʻxshash darajadagi ota-onalar jalb etilishini namoyish etadi. Umuman olganda, ushbu topilmalar Oʻzbekiston ta’limda ota-onalarning ishtirok etish darajasi nisbatan tekis taqsimlanganini koʻrsatadi.

Yuqori iqtisodiy farovonlikka ega boʻlgan hamda quyi iqtisodiy farovonlikka ega boʻlgan oiladagi oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasidagi farqlarni tushuntirishda maktabdagi ta’lim sifatining ahamiyati

Ma’lumki, oʻquvchilarning oʻzlashtirishidagi yana bir muhim omil bu maktabdagi ta’lim sifati hisoblanadi. Tadqiqotning ushbu qismida, nisbatan farovonligi yuqori va nisbatan farovonligi past oilalardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirishadigi farqlarni tushuntirishda maktabdagi ta’lim sifatining ahamiyati oʻrganiladi1.

Buning uchun Oaxaka-Blaynder (ingliz tilida Oaxaca-Blinder) dekompozitsiya usuli2 yordamida maktabdagi ta’lim sifatining oʻzlashtirishdagi farqlarga hissasini baholash mumkin. Bunda boy va kambagʻal oilalardagi oʻquvchilarning matematika fanidan oʻzlashtirish darajasidagi farqlarga e’tibor beriladi.

7-rasm. Oaxaka-Blaynder dekompozitsiyasi

Asosiy natija

Tahlil natijalariga koʻra, boy va kambagʻal oilalardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirish darajasidagi farqlar asosan maktabdagi ta’lim sifati darajasi (matematikadan oʻrtacha oʻzlashtirish) farqlar bilan tushuntirish mumkin. Xususan, PISA soʻroviga koʻra, boy va kambagʻal oilalardagi oʻquvchilarning matematika fanidan oʻzlashtirish darajasidagi oʻrtacha 27.8 ballni tashkil qilgan boʻlsa, ushbu farqning qariyb 50%ga yaqini maktabdagi ta’lim sifati bilan tushuntirilishi mumkin.

Tahlilning yana bir muhim natijalaridan biri bu boy va kambagʻal oilalardagi oʻquvchilar oʻrtasidagi farqlar qishloqdagi oʻquvchilarning nisbatan yuqori oʻzlashtirishi hisobiga kamaymoqda. Demak, shaharda yashovchi oʻquvchilarning qishloqdagi oʻquvchilarga nisbatan yaxshi oʻzlashtiriyotgani haqida tavsifiy natijalar aslida aholi yashash punkti turidan boshqa omillarning notekis taqsimlanganligi tufayli boʻlishi mumkin.

3 Xulosa

Tadqiqot natijalari Oʻzbekistonda ta’lim va kambagʻallik oʻrtasida kuchli bogʻliqlik mavjudigiga ishora qiladi. Oilaning ijtimoiy-iqtisodiy statusiga qarab taqqoslanganda, yuqori daromadli oilalarning farzandlari past daromadli oilalarning farzandlariga nisbatan yaxshiroq oʻzlashtirish koʻrsatkichlariga erishgan. Aholi yashash punkti va oʻquvchilarning jinsini hisobga olib solishtirilganda ham akademik oʻzlashtirishda nisbatan yuqori ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oiladagi oʻquvchilar nisbatan ijtimoiy-iqtisodiy statusi quyiroq tengdoshlariga nisbatan yaxshiroq koʻrsatkichlarga ega boʻlishgan. Ushbu farqlarni tushuntiruvchi omillardan biri bu oʻquvchilarning har xil ta’lim sharoitiga ega ekanliklari boʻlishi mumkin. Taqqoslanayotgan ikki toifa oʻquvchilar oʻrtasidagi oʻzlashtirishdagi farqlar magnitudasiga ta’sir qiluvchi omillar tahlil qilinganda, oʻquvchilar oʻrtasidagi oʻzlashtirish darajasidagi farqning asosiy qismi maktabdagi ta’lim sifati bilan tushuntiriladi. Shu bilan birga, ota-onalarning ta’lim jarayonidagi faol ishtiroki barcha ijtimoiy-iqtisodiy guruhlarda nisbatan teng darajada.

Umuman olganda, nisbatan quyi ijtimoiy-iqtisodiy statusga ega oila farzandlari oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi past boʻlgan maktablarda ta’lim olayotganini hisobga olish lozim. Shu ma’noda, oʻrtacha akademik koʻrsatkichlari past boʻlgan maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash nafaqat ta’lim tizimi islohoti sifatida balki ijtimoiy himoya siyosati sifatida ham muhim hisoblanadi. Mavjud qonunchilikka koʻra daromad past aholi farzandlari uchun ta’lim imtiyozlari mavjud. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi 258-sonli farmoniga koʻra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlari uchun 12 xil ta’limga oid imtiyozlar koʻzda tutilgan (3-Ilova). Bu imtiyozlarning tizimli tadbiq etilishini koʻrsatuvchi yagona monitoring platformasini yaratish maqsadga muvofiq. Bu platforma oila farzandlari uchun ta’lim imtiyozlaridan foydalanish darajasini hududlar va aholining boshqa demografik koʻrsatkichlari kesimida foydalanish darajasini kuzatish mumkin boʻladi.

4 Ilovalar

1.1. Ta’lim xarajatlari: jins kesimida

8-rasm. Bir oʻquvchiga toʻgʻri keluvchi oʻrtacha ta’lim xarajati: jon boshiga daromad detsillari va jins kesimida (Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻrovi, 2024)

1.2. Ta’lim xarajatlari: shahar/qishloq kesimida

9-rasm. Bir oʻquvchiga toʻgʻri keluvchi oʻrtacha ta’lim xarajati: jon boshiga daromad detsillari va aholi yashash punkti turi kesimida (Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻrovi, 2024)

1.3. Darslik va oʻquv qurollari xarajatlari: shahar/qishloq kesimida

10-rasm. Darslik va oʻquv qurollari xarajatlari: jon boshiga daromad detsillari va aholi yashash punkti turi kesimida (Uy xoʻjaligi daromadlari va xarajatlari soʻrovi, 2024)

Farovonlik detsillari boʻyicha asosiy koʻrsatkichlar

11-rasm. Kitoblarning oʻrtacha soni (interaktiv)

12-rasm. Uy vazifasiga yordam berish darajasi (interaktiv)

13-rasm. Maktab yigʻilishida qatnashish darajasi (interaktiv)

14-rasm. Bola progressini muhokama qilish (interaktiv)

15-rasm. Barcha MICS koʻrsatkichlari birgalikda

Jins boʻyicha tahlil

Shahar/Qishloq boʻyicha tahlil

PF-258, 26.12.2025 asosida

Table 1: Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun ta’lim sohasidagi imtiyozlar

MUHIM IZOHLAR:

  1. Yuqoridagi barcha imtiyozlar Ijtimoiy reyestrning uchala toifasi uchun amal qiladi:
    • Davlat ta’minotidagi oila
    • Kambagʻal oila
    • Kambagʻallik chegarasidagi oila (12 oy davomida)
  2. “Kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasidagi oilalar uchun imtiyozlar ular reyestrga kiritilgan sanadan 12 oy davomida qoʻllaniladi.
  3. Imtiyozlardan foydalanish uchun oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilganligi tasdiqlanishi kerak.

5 Ma’lumotlar manbalari

Table 2: Tadqiqotda foydalanilgan ma’lumotlar manbalari

Foydalanilgan adabiyotlar

CERR and UNDP Country Office in Uzbekistan. 2023. Uzbekistan, Pilot Multidimensional Poverty Index. 2023.

Izohlar

  1. Berilgan tahlillarda shartli ravishda, nisbatan farovonligi yuqori boʻlgan oilalarni (5-kvintil) “boy oila”lar deb ataladi. Nisbatan farovonlik darajasi past oilalarni esa “kambagʻal oila”lar deb ataladi.↩︎

  2. Oaxaka-Blaynder dekompozitsiyasi usuli qoʻllanganda metodologik nuqtai nazaridan oʻzgaruvchilarning endogen mustaqil oʻzgaruvchilarni baholashdagi noxolislik muammosi saqlanib qoladi. Masalan, xususiy repetitorga borish boshqa biz kuzatmayotgan omillar ta’sirida yuz berayotgan boʻlishi mumkin. Ushbu kuzatilmagan oʻzgaruvchilar oʻz oʻrnida oʻquvchining matematikadan oʻzlashtirishiga ta’sir qilayotgan boʻlishi mumkin.↩︎